Ўз  /  O'z  /  Ру  /  En
Muzrabot tumani hokimligi
Muzrabot tumani davlat soliq inspeksiyasi boshlig‘i v.b Najmiddin Narzullayevichning tadbirkorlarga murojaati va 2022-yilning birinchi yarim yillik hisoboti
Hisobotlar / 2022-07-07

Muzrabot tumani davlat soliq inspeksiyasi boshlig‘i v.b Najmiddin Narzullayevichning tadbirkorlarga murojaati va 2022-yilning birinchi yarim yillik hisoboti

 

Yurtimizda barcha jabhalarda bo‘lgani kabi soliq sohasini rivojlantirish borasida ham izchil ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, soliq siyosatini takomillashtirish, soliq ma’muriyatchiligi samaradorligini oshirish, soliq yukini izchil kamaytirish, soliq tizimini soddalashtirish va soliq hisobotlarini tubdan qisqartirish yuzasidan amalga oshirilayotgan kompleks chora-tadbirlar ishbilarmonlar safini yanada kengaytirish va investitsion jozibadorlikni oshirishga xizmat qilmoqda.

  Davlat soliq xizmati organlarida ish faoliyatining “Soliqchi – tadbirkorga ko‘makchi” tamoyili asosida yo‘lga qo‘yilishi tadbirkorlar bilan bevosita hamkorlikni kuchaytirib, yo‘l qo‘yilayotgan xato va kamchiliklarni o‘z vaqtida to‘g‘rilash imkonini bermoqda. Amaliyotga tatbiq etilayotgan avtomatlashtirilgan axborot tizimlari inson omilini kamaytirib, soliq munosabatlarini yengillashtirishga, soliq qonunchiligidagi yangilik va o‘zgarishlar esa tadbirkorlarga yanada ko‘proq imkoniyatlar yaratib, xufyona iqtisodiyotni qisqartirishga xizmat qilmoqda.

  Joriy yilning o‘tgan davri mobaynida avtomatlashtirilgan “Avtokameral” dasturi orqali tumanimizdagi 27 ta xo‘jalik yurituvchi subyektlarning soliq hisobotlaridagi xato va kamchiliklar aniqlanib, ularni bartaraf etish yuzasidan xabarnomalar yuborildi. 10 nafar tadbirkorlik subyektlari tomonidan xato va kamchiliklar o‘z vaqtida to‘g‘irlanishi natijasida hisoblanishi lozim bo‘lgan 1 milliard 371 million 508 ming so‘m mablag‘ soliq to‘lovchilarning ixtiyorida qoldi.

  Yurtboshimiz Shavkat Mirziyoyevning joriy yil 28-iyun kunidagi «Soliq ma’muriyatchiligini isloh qilish davrida biznes uchun qulay shart-sharoitlar yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni tadbirkorlar uchun navbatdagi imkoniyatlarni taqdim etdi. Farmon bilan 2022-yil 1-iyuldan foydalanilmayotgan ko‘chmas mulk obyektlariga ta’sirchan soliq mexanizmini qo‘llash bekor qilinib, qo‘shilgan qiymat solig‘i ma’muriyatchiligi soddalashtirilmoqda.

  Ma’lumot o‘rnida aytib o‘tish kerakki, o‘tgan vaqt mobaynida tumanimizda foydalanilmayotgan 5 ta  ko‘chmas mulk obyektlariga ta’sirchan soliq mexanizmi qo‘llanilishi natijasida 12 million 826 ming so‘m miqdorida soliq hisoblangan. Ta’sirchan soliq mexanizmining bekor qilinishi esa milliardlab mablag‘lar tadbirkorlar ixtiyorida qolishini ta’minlaydi.

 “Soliqchi – tadbirkorga ko‘makchi” tamoyili asosida olib borilgan keng ko‘lamli targ‘ibot va tushuntirish ishlari natijasida 2022-yilning birinchi yarim yilligida 232 ta korxonada norasmiy ishlayotgan 440 nafar fuqarolarning faoliyati legallashtirildi.

Shuningdek joriy yilning yanvar-iyun oylarida 2447 nafar vohadoshlarimiz o‘zini o‘zi band qilgan fuqarolar sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tdi. Faoliyatini to‘xtatgan 42 nafar tadbirkorlar esa o‘z faoliyatini qayta tikladi.

Tadbirkorlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash  maqsadida berilayotgan bu kabi soliq imtiyozlari va yengilliklari xususiy sektorni rivojlantirish va shu asnoda iqtisodiy barqarorlikni ta’minlashga xizmat qiladi.

 

Najmiddin Narzullayevich,

Muzrabot tuman davlat soliq inspeksiyasi boshlig‘i VB

 

3 izoh

Izoh qoldirish

Ro`yxatdan o`tish
2 ta foydalanuvchi hozir saytda
Sayt haqida firingiz?