Muzrabot tumaniga yangi hokim tayinlandi
Xalq deputatlari Muzrabot tumani Kengashining navbatdan tashqari sessiyasi o‘tkazildi. Sessiya ishida Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov ishtirok etib, Muzrabot tumanini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish borasida olib borilayotgan ishlarga to‘xtaldi.
Viloyat rahbari shu vaqtga qadar tuman hokimi vazifasida ishlab kelgan Abdurashid Ismailov boshqa ishga o‘tishi munosabati bilan lavozimidan ozod etilganligini bildirib, Qurbonov Alisher Qurbonovich nomzodini Muzrabot tumani hokimi etib tayinlash taklifini bildirdi. Nomzod deputatlar tomonidan bir ovozdan ma’qullandi.
Alisher Qurbonov 1973-yilda Muzrabot tumanida tug‘ilgan. 1995-yilda Toshkent qishloq xo‘jaligi institutini, 2005-yilda Toshkent davlat yuridik institutini tamomlagan. Ma’lumoti bo‘yicha mutaxassisligi – iqtisodchi-tashkilotchi, yurisprudensiya.
Faoliyati davomida Ichki ishlar organlarida turli lavozimlarda hamda xususiy sektorda mehnat qilgan. Tayinlovga qadar A.Qurbonov “Amirqulbobo KAA” fermer xo‘jaligi rahbari bo‘lib faoliyat yuritib kelayotgan edi.
Viloyat rahbari yangi hokimga tumanda aholi turmush farovonligi oshirish, mavjud imkoniyatlarni ishga solish, hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish borasida yangi vazifalarni belgilab berdi hamda faoliyatida muvaffaqiyatlar tiladi. Shuningdek, tuman faollari hamda mutasaddilaridan yangi hokim boshchiligida tuman rivoji uchun mehnat qilishni so‘radi.
Ma’lumot uchun, tuman hokimi nomzodi Milliy kadrlar zaxirasidan tavsiya qilingan.
© Muzrabot tumani hokimligi veb-saytlari 2024